Ekologiya qo‘mitasi raisining ruxsati bilan “Qizil kitob"ga kiritilgan Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘i rossiyalik ovchi tomonidan o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ekologiya qo‘mitasi ruxsatnoma berish jarayoni qonunchilikka to‘liq rioya qilingan holda amalga oshirilganligini ta’kidlamoqda.
Davlat soliq qo‘mitasi birlashgan kasaba uyushmasi vakillari hamda Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘rtasidagi masala sudgacha olib borilmaslikka qaror qilindi. «Har ikki tomonning ham maqsadi va maslagi birligi, ya’ni mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz turmush farovonligi yo‘lida xizmat qilish ekanligi ta’kidlandi», — deya qayd etdi qo‘mita.
Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev «Milliy tiklanish» gazetasida O‘zLiDeP partiya a’zolari haqidagi maqolani «bozorbop chiqish» deb atadi. «Hammani birdek, bir qolipda fikrlashga o‘rgatish va ayttirish sobiq ittifoq mafkurasiga xos ish va bu „Milliy tiklanish“ partiyasiga yoqqan ko‘rinadi», — dedi deputat. Kusherbayev partiya muamollarni sun’iy yaratish, nizo chiqarish kabi harakatlarni qilayotganga o‘xshayotganligini ta’kidladi.
Deputat Rasul Kusherbayev UzAuto Motors Antimonopoliya qo‘mitasini «faqat qog‘ozda» mag‘lub etdi, deb hisoblaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya odamlarning ishonchi va o‘z imijini yo‘qotgan. Deputat, shuningdek, ushbu jarayon misolida sudlarning qanday ishlashi va tizim monopoliyalarga qarshi qanday kurash olib borishini ko‘rish mumkinligini ta’kidladi.
Deputat Rasul Kusherbayevning aytishicha, o‘zbek tili faqat davlat bilan ishlaydiganlar uchun majburiy bo‘lishi kerak. Parlament a’zosi, shuningdek, jamiyatda til bilan bog‘liq diskriminatsiya mavjudligini tan oldi va rasmiylar orasida vaziyatga shovinistik nigoh bilan qaraydiganlar hali ham borligini ta’kidladi.
Deputat Rasul Kusherbayev davlat xizmatini isloh qilish to‘g‘risida gapirib, prokurorlar, sudyalar va ichki ishlar organlari boshliqlarining tayinlovini saylovlar orqali tashkillashtirgan bo‘lishini aytdi. «Odamlar tayyor. Xalq prezidentni, deputatni saylaydi-ku», — dedi u.
Davlat soliq qo‘mitasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ustidan sudga da’vo arizasi kiritdi. Bunga «Rasul Kusherbayevning Human.uz axborot portalidagi „So‘z blogerlarga“ ko‘rsatuvida aytgan haqoratomuz so‘zlari» sabab bo‘lgan. Qo‘mita deputat o‘zining so‘zlariga raddiya berishi va kechirim so‘rashi lozimligini aytgan. Deputatning hatti-harakatlari soliq organlariga 4,6 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazganligi da’vo qilinmoqda.
“Milliy tiklanish” fraksiyasi raisi Alisher Qodirov davlat tili to‘g‘risidagi qonun loyihasi hech qaysi millat vakilini kamsitmasligini, “lekin bu mehribonlik o‘zimizni kamsitish hisobiga bo‘lmasligi kerak"ligini ta’kidladi. Deputat Rasul Kusherbayev masala faqatgina davlat tilida ish yuritish haqida ketayotganligini eslatdi. “Ko‘p millatli mamlakatda davlat tili masalasini faqat qaysidir millat taqdiri bilan bog‘layverish noto‘g‘ri”, — deydi u.
«Nomi matbuot bo‘lgani, uning ustiga minib olsa ham bo‘ladi degani emas», — deb yozdi Komil Allamjonov. Davlat idorasi xodimlarining OAV faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga bosim o‘tkazishi noqonuniy, deya ta’kidladi u.
Deputat Rasul Kusherbayevning xabar berishicha, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi suv tozalash inshooti bir necha yildan beri ishlamay turibdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, boshida ta’mirlash ishlari Hisob palatasi tomonidan to‘xtatib qo‘yildi, Qurilish vaziri va Uy-joy kommunal xizmatining sobiq rahbarining «xoxishi sababli ishlar cho‘zilib», ob’ekt uchinchi yil o‘zgarishsiz turibdi.
Adliya vazirligi mutaxassisi qoidabuzar haydovchilarni tasvirga olib, pul ishlayotganlarni vatanni ham sotishga tayyorlikda ayblagan Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning mulohazalariga javob qaytardi. «Huquqbuzarlikning oldini oluvchilarga „sotqin“ deya tamg‘a bosiladigan bo‘lsa, men ularga qarshi „sotqin“ bo‘lishga tayyorman va bundan g‘ururlanaman», — dedi Adliya vazirligining Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat boshqarmasi boshlig‘i Shoxidaxon Yuldasheva
Quyi palata deputati ko‘chalarda odamlarning qoidabuzarliklarni telefonga suratga olishi va buning evaziga rag‘batlantirilishi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. «Ularga 10−15 ming so‘m berayaptimi, ertaga 100 ming so‘m berib, vataningni sot, desa ham sotvorishga tayyorlar ko‘p ekan. Bu juda yomon», — dedi u. Kusherbayev qoidabuzarlarni aniqlashdan oldin infratuzilmani yaxshilab qo‘yishga kerakligini qo‘shimcha qildi.
«ILGA Europe» xalqaro tashkiloti O‘zbekistonda besoqolbozlikni taqiqlovchi qonun normalarini chiqarib tashlash taklifini bildirdi. Bunga Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘z munosabatini bildirar ekan, «agar bu inson huquqlariga zid, deyishsa tupurdim bunday huquqiga», deya ta’kidladi. Deputat «bu kabi mantiqsiz, aksiltabiiy taklifni berganlar bizga asli kim ekani va maqsadi nima ekanligini tushunib olavering», deya qo‘shimcha qildi.
Xalq ta’limi vaziri deputat Rasul Kusherbayevning o‘quvchisi OTMga kirolmagan maktab direktorlarini ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi fikrlarini populizm deb ta’riflagan edi. Deputat bunga javob berib, u faqat qonun ustuvorligi tarafdori ekanligini aytdi. «Agar demokratik davlatlar qatori qonun ustuvorligini ta’minlash va muammoni sud orqali hal qilish populizm bo‘lsa unda men emas, avvalo qonunlar va Mehnat kodeksi bosh populist bo‘lib qolmaydimi?», — dedi Kusherbayev.
Deputat Rasul Kusherbayev bitiruvchilari OTMga kira olmagan maktab direktorlarining ishdan olinishini «demagogiya va boshqaruvga noqobil odamlarni qo‘yadigan talabi» deya tariflagan edi. Xalq ta’limi vaziri «oxirgi 2 yilda faqat OTMga kirganlar bo‘yicha ob’ektiv ma’lumot bo‘lgani» sababli bunday yo‘l tutilganini ta’kidladi. Sherzod Shermatov masalani tushuntirish uchun deputat bilan bog‘lana olmaganini ma’lum qildi. «Qadriyatlarimiz va tanlovimiz ikki xil ekan», — dedi u.
Deputat Rasul Kusherbayev OTMga kirolmagan o‘quvchilar sababli maktab direktorlari ishdan olinishi «demagogiya ekanligi» va o‘qituvchilarning bunda aybi yo‘qligini ta’kidladi. «Bolaning tadbirkorlikka qiziqishi bo‘lsa, o‘qishga kirishni xohlamasa ham biz o‘qituvchini ayblaymizmi?», — dedi deputat. Uning aytishicha, bunday talab qonunchilik yoki Mehnat kodeksida belgilanmagan.
Deputat Rasul Kusherbayev xalq hokimlarni saylashga tayyor emasligi haqidagi fikrga ko‘shilmasligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «ruxsat berayotganlarning o‘zi tayyor emas». «Ularda qo‘rquv bo‘lishi mumkin. Qaysi ma’noda, ular xohlagan odamni, odamlar saylamasligi mumkin», — dedi u. Prezident hokimlarni xalq saylashi kerakligini bir necha bor ta’kidlagan. Shu bilan birga, u bunga saylanayotganlar ham, saylovchilar ham tayyor bo‘lishi kerakligini aytgan.
Deputat Rasul Kusherbayev Ombudsmanning 2019 yilgi hisobotida 139 nafar mahbusdan qiynoqlar bilan bog‘liq shikoyat kelganini, lekin ular tasdiqlanmaganini qayd etdi. Bunga «Qamoqxonalardagi tibbiy xizmat IIVga bo‘ysunishi» sabab bo‘layotgani ta’kidlandi. U qamoqxonalardagi tibbiy xizmatni Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufiga o‘tkazish bo‘yicha ombudsmanning o‘tgan yilgi taklifi ochiq qolganini ta’kidladi.
Deputat Rasul Kusherbayev «snos"larga qarshi moratoriy e’lon qilish taklifi bilan chiqdi. Uning aytishicha, asossiz va ruhsatsiz «snos"larga yo‘l qo‘yish bu zulm bilan barobardir.
Uzauto Motors kompaniyasi 9 oy mobaynida davlat byudjetiga 582,6 mlrd so‘m yig‘imni to‘lamagan. Mazkur holat bo‘yicha deputat Rasul Kushnerbayev munosabat bildirib, kamiga keyingi yil ham shunday 3 foizlik yig‘imni to‘lamaslik imtiyozini saqlab qolishi mumkinligini ma’lum qildi. «Biz bunday imtiyoz berilishiga qarshimiz», — dedi u.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting